
“Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi va Enter Steel Karakul o‘rtasida yangi investitsiya shartnomasi imzolandi
“Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) DUK direksiyasi “Enter Steel Karakul” MChJ kompaniyasi bilan yangi investitsiya shartnomasini imzoladi. Shartnomaga muvofiq, yangi zavod umumiy qiymati 58 million AQSH dollariga teng, maydoni 52,5 ming kv. metr, ENPIPE brendi ostida metall quvurlar va sanoat idishlar ishlab chiqaradi.
Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati 230 ming tonna metall quvurlar, shuningdek, 300 dona sanoat idishlarini tashkil etadi. Zavodda turli diametrli quvurlarni ishlab chiqarish bo’yicha uchta ishlab chiqarish liniyasi mavjud: birinchi liniya diametri 89 mm dan 219 mm gacha, ikkinchisi – 219 mm dan 530 mm gacha va uchinchisi – 530 mm dan 1420 mm gacha bo`lgan quvurlarni ishlab chiqarishga mo’ljallangan.
Zavod o‘z mahsulotlarini neft-gaz, kimyo, qurilish, tog‘-kon sanoati va boshqa sanoat sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalarga yetkazib berishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, ENPIPE mahsulotlari MTO gaz-kimyo majmuasi va Qorako’l erkin iqtisodiy zonasi obyektlarini qurish loyihasini amalga oshirish uchun ishlatiladi.
Yangi loyiha O‘zbekistonda import o‘rnini bosish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish siyosatini yanada samarali amalga oshirish imkonini beradi. Quvurlarning mahalliy ishlab chiqarilishi nafaqat sanoat kompaniyalarining importga bog‘liqligini kamaytiradi, balki amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga, shuningdek, Respublikada yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga xizmat qiladi.
Mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda – loyiha 400 ta yangi ish o‘rni yaratishni nazarda tutadi, bu esa hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Qorako‘l” EIZ direktori Bahodur Hafizov quvur zavodi loyihasini EIZ rezidentlari qatoriga kiritish muhimligini ta’kidladi, ushbu qadam mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishning yangi istiqbollarini ochib, mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish, hududda zamonaviy infratuzilmani vujudga keltirish, ta’minot zanjirlarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va bevosita EIZga va mamlakatga investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi.
Avvalroq “Qorako‘l” EIZ rahbariyati va “Enter Steel Karakul” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida yiliga 50 ming tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 15 million AQSH dollariga teng metall konstruksiyalar zavodi qurish bo‘yicha investitsiya shartnomasi tuzilgan edi.