“Qorako‘l” EIZ ning birinchi rezidenti aniqlandi

“Qorako‘l” EIZ ning birinchi rezidenti aniqlandi

MTO texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo majmuasi (GKM MTO) Buxoro viloyatidagi “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasining birinchi ishtirokchisi bo‘ldi.

Korxonaga 30 yil muddatga foydalanish uchun 225 gektar yer berildi.

Kim oshdi savdosi yakunlari boʻyicha “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) direksiyasi “Gazkimyo majmuasi MTO Central Asia” MChJ bilan birgalikda 2022-2025-yillarda gaz-kimyo korxonasi obʼyektlarini qurishni koʻzda tutuvchi hamda EIZning boshqa ishtirokchilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazib beriladigan polimer xomashyosini ishlab chiqarish  investitsiya shartnomasini tuzdi.

MTO negizida joylashgan gaz-kimyo majmuasi “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasining langar rezidenti bo‘lib, yiliga 730 ming tonnadan ortiq polimer mahsulotlari ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

Masrur Shakirov, MTO gaz-kimyo majmuasi bosh direktori:

“MTO gaz-kimyo majmuasi gaz-kimyo klasterining bir qismiga aylanadi. Yondosh tarmoqlar bilan birgalikda gazdan O‘zbekiston Respublikasida avtomobilsozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot va boshqa sanoat tarmoqlari uchun talab katta bo‘lgan mahsulotlarini ishlab chiqaramiz.

EIZ hududida 2000 ga yaqin toʻgʻridan-toʻgʻri va 10 mingga yaqin bilvosita ish oʻrinlari jamlanadi”.

Nashr qilingan sana: 25.02.2023